Shanba kuni Uxandagi metro (Xubey provinsiyasining ma’muriy markazi) koronavirus epidemiyasi tufayli ikki oyga vaqtincha to’xtatilganidan keyin, ishni qayta boshladi. Bu haqida “People Daily” gazetasiga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: Wikimedia

Yangi koronavirus keltirib chiqaradigan kasallikning tarqalishi sababli, Uxan 23 yanvardan beri amalda karantinda bo’lgan.

Shahar jamoat transporti ham vaqtincha o’z faoliyatini to’xtatdi.

“People Daily” nashrining xabar berishicha, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:25 da (Toshkent vaqti bilan 02:25) B68 raqamidagi poyezd depodan chiqib, Uxan metrosining ikkinchi yo’liga yurgan.

Gazetaning yozishicha, hozirgi vaqtda 184 stantsiya ishi qayta tiklandi, ularda yo’lovchilarning tana haroratini o’lchash uchun 200 ga yaqin issiqlik o’lchagich o’rnatildi.

Ta’kidlanishicha, har bir poyezdda yangi qoidalarning bajarilishini nazorat qiluvchi va yo’lovchilar sayohat paytida niqoblarni olib tashlamasliklarini ta’minlovchi nazoratchi bo’ladi.

Eslatib o’tamiz, ayni vaqtda ushbu mamlakatda koronavirus bilan 81, 933 holat aniqlangan, vafot etganlar soni 3, 299 nafarni tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 595 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 27 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.