Shu yilning 27 mart kuni, soat 16:30 da Andijon shahar markaziy poliklinikasida yong‘in ro‘y berdi. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Foto: SSV axborot xizmati

“Shahar aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi mazkur tibbiyot muassasasi karantin munosabati bilan sanitariya talablari asosida ish faoliyati chegaralangan holda faoliyat olib borayotgan edi”, – deya xabar berdi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga qaraganda, 5 qavatli ushbu binoning 4-qavatidagi bosh hamshira xonasida joylashgan sovitgich (xolodil’nik) va komp’yuterlarning elektr tarmog‘iga ulangan joyida qisqa tutashuv ro‘y berib, qisqa fursatli yong‘in yuz bergan. Shu zahotiyoq poliklinikadagi tibbiyot xodimlari va bemorlar zudlik bilan tashqariga ko‘chirilgan.

Tezkor harakatlar va poliklinika shifokorlarining faolligi sabab hech kim jarohat olmagan. Katta miqdordagi moddiy zarar ham yetkazilmagan.

Ayni paytda o‘rnatilgan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yong‘in markaziy poliklinika faoliyatiga ta’sir etmagan. Faoliyat bo‘yicha xizmatlar Andijon shahrining boshqa mavjud 8 ta oilaviy poliklinikalariga taqsimlandi, deyiladi xabarda.