Joriy yil 27 mart sanasidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, shuningdek, uning barcha shahar va tumanlariga boshqa hududlardan har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) kirish va chiqish to‘xtatildi. Bu haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi xabar bermoqda.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmati

Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmagan. Ammo, boshqa davlatlardan yurtimizga kirib kelgan 550 dan ortiq fuqarolar karantinda saqlanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan mahalliy aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida hududga har qanday transport vositalarida kirish va chiqish to‘xtatilmoqda.

Mazkur hududlarga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, shahar va tumanlarda doimiy yashovchi shaxslarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi topshirig‘iga asosan shahar va tumanlariga biriktirilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, deyiladi xabarda.