Shartnoma asosida Janubiy Koreya Respublikasiga borgan va mehnat faoliyatini muvaffaqiyatli bitirib, O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan fuqarolar uchun 2020 yil 7 aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan maxsus test imtihoni muddati uzaytirilishi to‘g‘risida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumot berdi.

Foto: Korrespondent

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi o‘rtasida tuzilgan “Ishchilarni Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida Koreya Respublikasiga yuborish bo‘yicha” Anglashuv Memorandumiga muvofiq, Koreya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga asosan maxsus test imtihoni 2020 yil 7 apreldan 4 maygacha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi.

Hozirgi kunda koronavirus infeksiyasi yurtimizda aniqlanganligi sababli uning hududlarda tarqalishining oldini olish maqsadida viloyatlararo barcha turdagi transport qatnovlari, barcha turdagi ommaviy tadbirlar, shu jumladan bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, shuningdek, teatr, kino va konsert dasturlari hamda to‘ylar, oilaviy tantanalar o‘tkazilishi to‘xtatilgan.

Shu munosabati bilan 2020 yil 12-17 mart kunlari onlayn ro‘yxatdan muvaffaqiyatli o‘tgan 1, 619 nafar fuqaro uchun maxsus test imtihonini o‘tkazish noma’lum muddatga qoldirilganligi ma’lum qilinadi.

Epidemiologik vaziyatning barqarorlashishi bilan maxsus test imtihoni o‘tkaziladigan sana tasdiqlangandan so‘ng imtihon qatnashchilari Agentlikning rasmiy sayti orqali xabar berilishi aytiladi xabarda.