“South China Morning Post” nashrining xabar berishicha, Madrid shahrida Xitoydan keltirilgan test-kitlardan foydalanish to‘xtatilgan.

Foto: Google

Payshanba kuni Ispaniyada yangi turdagi virus yuqtirib olganlarning 56 mingdan oshib, o‘lim holati 4089 ga yetgach, test-kitlarga nisbatan shubhalar paydo bo‘la boshlagan. Ispaniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlaridan biri bo‘lgan Ispaniya Yuqumli kasalliklar va Klinik Mikrobiologiya Jamiyati (SEIMC) o‘z veb-saytida “Shenzhen Bioeasy Biotechnology” shirkati tomonidan ishlab chiqilgan vositalarning aniqlik darajasi 30 foizdan kam ekanligini aniqladi.

Ispaniyada nashr etiladigan El País gazetasiga ko‘ra, Madrid shahri hokimiyati Xitoyga 340 000 ta test to‘plami uchun buyurtma bergan. Uning virus aniqlashdagi aniqlik darajasi 80% bo‘lishi kutilgan, ammo amaliyotda bu o‘z tasdig‘ini topmagan. Payshanba kuni Xitoyning Ispaniyadagi elchixonasi Tvitterda o‘z munosabatini bildirib, “Bioeasy” test vositasi to‘plamlari Xitoyning milliy tibbiy mahsulotlar boshqarmasi tomonidan tasdiqlanmaganini va Xitoy hukumati tomonidan Ispaniyaga yuborilgan tibbiy buyumlarga kiritilmaganini aytdi. Ispaniya tomoni bu vositalarni qay yo‘sinda sotib olgani ma’lum emas.

O‘zining veb-saytida oziq-ovqat xavfsizligi va tibbiy sinovlarga ixtisoslashganini ta’kidlovchi “Bioeasy” shirkati o‘tgan oydan buyon COVID-19 test vositalarini reklama qilib keladi.

Shuningdek, Chexiya ommaviy axborot vositalari ham Xitoyda ishlab chiqarilgan sinov to‘plamlari bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berishdi. Dushanba kuni Moraviya-Sileziya mintaqasidagi sog‘liqni saqlash mutaxassisi, Xitoyda chiqarilgan tezkor sinovdan o‘tkazish vositalarining 80 foizi nuqsonli ekanligini aytgan. Ushbu to‘plamlarni qaysi kompaniya ishlab chiqargani haqida ma’lumot berilmagan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 531 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 24 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.