Viloyat va shaharga kirish-chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga nisbatan tadbiq etilmaydi, deyiladi Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.

Foto: Qashqadaryo

Qashqadaryo viloyati aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, joriy yil 27 mart kuni, tungi soat 00:00 dan boshlab, Qarshi shahriga kirish-chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi.

Viloyat va shaharga kirish-chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlar ro‘yxat va viloyat YPX maxsus ruxsatnomasi asosida viloyat bo‘ylab harakatlanishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, 28 mart kuni soat 06:00dan boshlab Qarshi shahri hududida barcha qatnovlar (yo‘lovchi tashuvchi, onlayn xizmat ko‘rsatuvchi avtomashinalar, avtobus va mikroavtobuslar) harakati to‘xtatiladi. Korxonalarning oziq-ovqatlarni xonadonlarga yetkazib berish avtomashinalari harakatlanishi mumkin.

Har bir tuman (shahar)lar hududlariga kirish-chiqishni nazoratga olish va avtomashinalarni dizenfeksiya qilish choralarni ko‘rish maqsadida vaqtinchalik maskan (post)lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, zarur hollarda viloyat aholisining boshqa viloyatlar hududiga chiqishi va kirishi (piyoda yoki avtomashinada)ga yuqori darajada cheklovlar o‘rnatiladi. Zarurat bo‘lmaganda viloyat hududidan chiqishingizni tavsiya etmaymiz, deyiladi xabarda.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Namangan va Buxoro, Guliston ham karantin uchun yopilgani haqida xabar berilgan edi.