Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer ijtimoiy tarmoqlar orqali tez-tez muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berib turadi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

Dzyudo federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, janob Vizer kecha “Tvitter”dagi sahifasida dzyudo muxlislarini qiziqtirgan bir qator savollarga javob berdi. Eʼtiboringizga ular orasida qiziqarli boʻlgan baʼzi savol-javoblarni havola qilamiz.

– Janob Vizer, Olimpiya oʻyinlari 2021-yilga kechiktirildi. Bu 2021-yil Oʻzbekistonda oʻtishi kerak boʻlgan jahon chempionatini 2020-yilga koʻchirishi mumkinmi? Aytmoqchimanki, 2020-yil oktyabrdagi Toshkent Gran-prisi JCHga aylanib ketishi ehtimoli bormi?

– Hozir biz uchun mutlaqo yangi vaziyat. Albatta, vaziyat iziga tushgach, Olimpiya saralash musobaqalari va boshqa turnirlar taqvimini qaytadan koʻrib chiqamiz.

– Dzyudoda Tokio-2021 uchun saralash tizimi qanday boʻladi endi?

– Tez orada Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi bizga yangi yoʻriqnoma beradi. COVID-19 pandemiyasiga barham berilgach, biz ham yangi strategiya va taqvim ishlab chiqamiz.