Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Alan” gazni kompleks tayyorlash qurilmasi 2-texnologik tarmog‘idagi Monoblokli turbodetander agregati (MTDA4.9-6.8-MP-U1) ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan edi, deya xabar bermoqda “O’zbekneftgaz” AJ.

Foto: “O’zbekneftgaz” axborot xizmati

Boshqarmaning malakali mutaxassislari tomonidan 2 dona “MESSEN-0952” markali statorlari, “MESDAR-0663” holat datchiklari va magnitli vstavkani boshqarish shkafidagi 2 dona DC-DC (ELCART-1074) o‘zgarmas tokli o‘zgartirgichlari to‘liq ta’mirlandi va ishga tushirildi.

Natijada esa, Turbodetander agregatini uzluksiz ishlashi Muborak gazni qayta ishlash zavodiga sifatli tabiiy gaz yetkazib berilishi boshlandi va kunlik 9 tonna gaz kondensati ajratib olish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari agregatni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan import ehtiyot qismlariga va chet el mutaxassislarini (Fransiya va Ukraina davlatlari) jalb qilishga ketadigan sarf-xarajatlar tejab qolinishiga erishildi.

Ma’lumot uchun: “Alan” gazni kompleks tayyorlash qurilmasi Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hududida joylashgan bo‘lib, 1997 yilda ishga tushirilgan. Qurilma yiliga 5 mlrd. m³ tabiiy gazni tayyorlash quvvatiga ega. “Alan” Gazni kompleks tayyorlash qurilmasida tabiiy gazni past haroratli separatsiyalash jarayoni orqali gaz kondensatini ajratib olish maqsadida, 2013 yilda Ukraina davlatining Turbogaz kompaniyasida ishlab chiqarilgan Turbodetander agregatlari qurib ishga tushirilgan.