Xitoy hukumati yaqin orada Pokistonga yangi koronavirus bilan kasallanganlar uchun vaqtinchalik maxsus kasalxona qurishda yordam beradi. Bu haqida payshanba kuni Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish davlat boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Dan Botsin ma’lum qildi.

Foto: France 24

“Xitoy Pokistonga vaqtincha karantin kasalxonasini qurishda yordam beradi”, dedi u matbuot anjumanida.

Rasmiyning so’zlariga ko’ra, Pekin Pokistonga to’rtta jo’natma – sinov to’plamlari, himoya kiyimlari, tibbiy niqoblar va mexanik shamollatish moslamalarini yuborgan. “Biz bunday hamkorlik orqali Xitoy, Pokiston va boshqa davlatlar pandemiyani yengib o’tishiga ishonamiz”, – deya xulosa qildi Dan Botsin.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 470 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 21 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.