Uchrashuv ishtirokchilari yuzaga kelgan tushunmovchilik yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bayon qilishdi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot kotibi

Bugun, 25 mart kuni Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratov, mazkur Qo‘mita raisi o‘rinbosari Shuxrat Cho‘lliev va Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarov ishtirokida shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston Respublikasining “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga kiritilayotgan tahririy o‘zgartishlar bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Uchrashuv ishtirokchilari yuzaga kelgan tushunmovchilik yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bayon qilishdi.

Senatorlar kiritalayotgan o‘zgartish advokatlik faoliyatiga biron-bir yangi cheklov kiritayotganligini anglatmasligi, balki, qonunchilikni zamonaviy texnologiyalar rivojiga monand ravishda moslashtirishga qaratilganligi, shu munosabat bilan advokatlik hamjamiyati va fuqarolarda xavotir olishga hech qanday asos mavjud emasligini ta’kidlashdi.

Bugungi kunda aynan shu harakatlar uchun prokuror sanksiyasi olinishi shartligi amaldagi qonunda belgilangan va undan tashqari huddi shunday qoida O‘zbekiston sudyalariga nisbatan ham belgilanganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga sanksiyalar bosqichma-bosqich prokuratura organlaridan sudlarga o‘tkazilayotganligi ham qayd etildi.

O‘z o‘rnida, Advokatlar palatasi raisi, tegishli qonun hujjatiga ko‘ra advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Palata bilan hamkorlikda ishlash zarur bo‘lsada, aynan shu qonun loyihasi bo‘yicha Palata jalb qilinmaganligi bugungi kunda mamlakatdagi ochiqlik siyosati sharoitida advokatlar hamjamiyati e’tirozlariga sabab bo‘layotganligini ta’kidladi.

Uchrashuvda yuzaga kelgan masalani tegishli idoralar vakillari ishtirokida muhokama qilishga hamda advokatura institutini rivojlantirish va jamiyatda advokatlar mavqeini oshirish borasida hamkorlik qilishga kelishildi.