Xalqaro olimpiya qoʻmitasi tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasini 2021-yilda oʻtkazish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng Olimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalari aʼzolari uchun tashkil etiladigan barcha oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari rasman 25-martdan vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

milliy olimpiya qo'mitasi MOQ
Foto: Sputnik

Bungacha mamlakat terma jamoalari aʼzolarining XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishlari uchun ularga biriktirilgan sport bazalarida rejalashtirilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etilgan edi.

Litsenzion musobaqalarning sanalari aniq boʻlgunga qadar milliy terma jamoa aʼzolari oʻz uylarida individual reja asosida mashgʻulotlarni murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan kunlik tayyorgarlik rejalari asosida olib boradilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Tezkor shtab” Milliy terma jamoa sportchilarining individual reja asosida kunlik mashgʻulot oʻtkazishlarini doimiy tarzda monitoring qilib boradi.

Bundan tashqari Milliy terma jamoa bosh murabbiylari tomonidan masofali mashgʻulotlar onlayn tarzda olib boriladi hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda sportchilarni individual holatiga qarab kerakli maslahatlar berib borilishi taʼminlanadi, deyiladi xabarda.