Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mamlakatda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkorlar uchun yaratilgan quyidagi bir qator qulaylik va yengilliklar yuzasidan axborot berdi.

Foto: O’zA

– Shu kunga qadar davlat mulki obyektlaridan ijara shartnomasi asosida umumiy ovqatlanish, o‘quv markazlari, jismoniy tarbiya, sport, turizm va boshqa sohalarda foydalanib kelayotgan ammo, karantin sababli Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan tadbirkorlik subyektlariga foydalanmagan davri uchun hech qanday ijara puli hisoblanmaydi va to‘lanmaydi.

– Pandemiya bilan bog‘liq holatda investorlar duch kelgan va duch kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlardan yana biri investisiya majburiyatlarining o‘z vaqtida bajara olmaslikdir. Shu bois, vaziyatni yumshatish maqsadida shu davrda investitsiya majburiyatining bajarilishini kechiktirganlik uchun penya hamda jarimalar hisoblanmaydi va majburiyat bajarilmagani uchun shartnomalar bekor qilinmaydi. Aksincha, Inqirozga qarshi kurash Respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan investisiya majburiyatlari bajarilishi muddatlari uzaytirib beriladi.

– Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat tufayli davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalda bo‘lgan shartnomalarga asosan xarid to‘lovlari o‘z vaqtida bajarilmasa Inqirozga qarshi kurash Respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga ko‘ra, muddat qayta ko‘rib chiqiladi. Tadbirkorlardan yaratilgan bu kabi qulayliklardan foydalanish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boshqarmalariga hamda hududiy komissiyalarga murojaat qilishlarini so‘raymiz.

– Respublika komissiyasining topshirig‘iga ko‘ra, yuzaga kelgan karantin holatida aksiyadorlarga ham qulaylik yaratish maqsadida xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlislari va aksiyador (ishtirokchi)larning umumiy yig‘ilishlarini onlayn rejimda masofadan turib, zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini qo‘llagan holda ovoz berish orqali o‘tkazish tizimini bir oy ichida joriy etish yuzasidan Agentlik tomonidan chora tadbirlar ishlab chiqilmoqda.