“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati o‘z tizimidagi korxona va tashkilotlarda koronavirus COVID-19 infeksiyasining tarqalishi oldini olish, elektr energiyasi ishlab chiqarishni belgilangan quvvatlarda amalga oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni olib bormoqda.

Foto: Sputnik

Hozirgi vaqtda bir sutkada o‘rtacha hisobda tizim korxonalari tomonidan
170 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqilmoqda. Rejaga asosan karatin kunlarida ham ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq amalga oshirilishi belgilangan. Bu haqida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xabar bermoqda.

Shuningdek, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida 2020 yil 23 mart kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq korxonalarda ishchi xizmatchilar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularning salomatligini muhofaza etish bo‘yicha zaruriy choralar amalga oshirilmoqda.

Avvalo, barcha ishlab chiqarish ob’ektlarida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning korxonalari tomonidan qo‘shimcha 20 ming dona tibbiy niqoblar tayyorlanib, xodimlarga tarqatildi. Xodimlar obyektlarga belgilangan tartibdagi tibbiy ko‘rikdan so‘ng kiritilmoqda. Korxonalar hududiga kirib-chiqish punktlarida teplovizorlar bilan ta’minlangan postlar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan. Stansiyalardagi tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan sex uchastkalarida xodimlarga koronavirus tarqalishining oldini olish to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilmoqdam deyiladi xabarda.